Chust shahridagi madaniyat va istirohat bog‘ida Farg‘ona vodiysidagi naqshbandiya tariqatining yirik namoyandasi — Mavlono Lutfulloh Chustiy xotirasiga bag‘ishlangan majmua joylashgan.
Alloma kim bo‘lgan?
Manbalarga ko‘ra, Mavlono Lutfulloh 1487-yilda hozirgi Pop tumanidagi Chodak qishlog‘ida tug‘ilgan. U nafaqat tasavvuf shayxi, balki suv inshootlari qurilishini yaxshi bilgan olim sifatida ham tanilgan.
XVI asrda yashagan Ubaydulloh Samarqandiy “Pir Mavlono Lutfulloh Chustiy” nomli asarida uning hayoti va faoliyati haqida batafsil ma’lumot qoldirgan.
Ramziy qabr
Tadqiqotchilarning yozishicha, allomaning asl qabri vaqt o‘tib shikastlangani sababli uning aniq o‘rni noma’lum. Bog‘dagi qabr ramziy hisoblanadi. Ziyoratchilar bu yerga kelib, qabr atrofini aylanib, alloma ruhiga duo qiladi.
Chustning boshqa ziyoratgohlari
Chustda yana Bibi Ona buloq-ziyoratgohi mashhur. Qo‘shni Chortoq hududidagi Bibi Naima ziyoratgohiga ham ko‘plab ziyoratchilar boradi.



